O‘zbekistonda korporativ obligatsiyalar uchun Markaziy bank bilan REPO mexanizmi zarur — Respublika fond birjasi rahbari

eʼlon qilindi
Bu bozorning o‘sishini rag‘batlantiradi
O‘zbekistonda obligatsiyalar bozorini rivojlantirish uchun nima zarur / Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda korporativ obligatsiyalar bozorining o‘sishi uchun REPO operatsiyalarini to‘liq ishga tushirish zarur. Bu tizim kompaniyalar va investorlarga qimmatli qog‘ozlardan moliyalashtirish manbai sifatida foydalanish imkonini beradi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan «O‘zbekiston kapital bozori» VII xalqaro konferensiyasida Respublika fond birjasi (RFB) boshqaruvi raisi Georgiy Paresishvili ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Paresishvilining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda davlat qimmatli qog‘ozlari bozorida REPO operatsiyalari faol qo‘llanilmoqda, chunki Markaziy bank tijorat banklariga likvidlik berish uchun davlat obligatsiyalarini qabul qilmoqda. Lekin korporativ obligatsiyalar segmentida bu mexanizm deyarli mavjud emas. «REPO bitimlari barmoq bilan sanagulik», — dedi u.

RFB rahbari ta’kidlashicha, faol REPO bozorisiz korporativ obligatsiyalar investorlar uchun jozibador va likvid vosita bo‘la olmaydi.

«Boshqa mamlakatlarda masalan, Rossiya, Qozog‘iston, Gruziyada markaziy banklar REPO operatsiyalarida yuqori reytingga ega korporativ obligatsiyalarga ruxsat beradi. Bu bozorning o‘sishini rag‘batlantiradi. Biz Markaziy bank ham bunga e’tibor qaratishini va tizim samarali ishlayotgan mamlakatlar tajribasini o‘rganishini istaymiz», — deya qo‘shimcha qildi Paresishvili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda obligatsiyalarni joylashtirishga tayyor kompaniyalar mavjud. Ammo ushbu segment jadal rivojlana boshlashi uchun xalqaro tajribani moslashtirish va Markaziy bank tomonidan qabul qilinadigan vositalar ro‘yxatini kengaytirish zarur.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank REPO operatsiyalarida korporativ obligatsiyalarni qabul qila boshlagani haqida yozgandi. Endilikda Markaziy bankning lombard ro‘yxatiga Ipoteka qayta moliyalash kompaniyasi obligatsiyalari ham kiritilgan. Kapital bozori rivojlanib borgani sayin, regulyator qimmatli qog‘ozlar ro‘yxatini kengaytirishga tayyor. Biroq aniq muddatlar aytilmagan.

Shuningdek