O‘zbekistonda mahkumlarga kitob o‘qish evaziga jazoni qisqartirish imkoni beriladi

eʼlon qilindi
Bir yil davomida eng ko‘pi bilan 30 kunlik imtiyoz olish mumkin
Foto: Pexels.com

O‘zbekiston Senati mahkumlarga kitob o‘qish orqali jazoni qisqartirish huquqini beruvchi qonunni ma’qulladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, endilikda mahkumlar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tasdiqlagan ro‘yxatdagi har bir kitob o‘qilgani uchun jazodan 3 kun qisqaradi. Shu bilan birga, bir yil davomida eng ko‘pi bilan 30 kunlik imtiyoz olish mumkin.

Mazkur imkoniyat umrbod ozodlikdan mahrum qilinganlarga tatbiq etilmaydi. Faqat jazoni shartli ravishda muddatidan oldin o‘tash imkoniga ega bo‘lgan shaxslargagina qo‘llanadi. Senat ma’lumotiga ko‘ra, bu norma 13,5 mingdan ortiq mahkumga taalluqli bo‘lishi mumkin.

Qonun bilan «Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida»gi hujjatga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda profilaktik hisobga olish asoslari qayta ko‘rib chiqilib, ma’muriy huquqbuzarliklar xavf darajasi va jinoyat sodir etish ehtimoli bo‘yicha aniqlanadi.

Shuningdek, ma’muriy javobgarlikka oid qonunga o‘zgartirish kiritilib, transport vositasini mast holda boshqargan yoki yo‘l bezoriligi sodir etgan shaxslar alohida profilaktik hisobda yuritiladigan toifa sifatida belgilandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent viloyatining uch tumanida vaqtincha saqlash hibsxonalari faoliyati to‘xtatilgani haqida yozgandi.

Shuningdek