O‘zbekistonda yarim yil ichida 53 ming tonna baliq ovlandi

2025-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistondagi barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 53,2 ming tonna baliq ovlangan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,4 foizga o‘sgan. Joriy yilning dastlabki yarmida Xorazm viloyatida 9,4 ming tonna baliq ovlangan. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha eng yuqori ulushga ega bo‘lib, jami ovlangan baliqlarning 17,7 foizini tashkil etgan.
2024- yilning yanvar–iyun oylarida respublika boʻyicha fermer xo‘jaliklari tomonidan 24,6 ming tonna baliq ovlangan.
O‘zbekistonda baliqchilikni rivojlantirish uchun $150 mln ajratilishi rejalashtirilgan. Shundan $50 mln qismi aynan Andijon viloyatiga to‘g‘ri keladi.
Andijon viloyatdagi 5,7 ming gektar sun’iy suv havzalarining atigi 23 foizida intensiv usulda baliq yetishtirilmoqda. Ana shunday sharoitda Andijon tumanidagi bir tadbirkor $15 mln mablag‘ evaziga 320 gektar maydonda zamonaviy baliqchilik loyihasini amalga oshirish, 500 ta xonadon bilan kooperatsiya qilish tashabbusini ilgari surdi.
Loyihada 27 turdagi karp baliqlaridan mahalliy sharoitga moslashtirilgan zot yaratish rejalashtirilgan. Bu tashabbusni Osiyo taraqqiyot banki qo‘llab-quvvatlab, ilk bor to‘g‘ridan-to‘g‘ri $15 mln ajratishga rozi bo‘lgan.
Loyiha doirasida viloyat hokimligi huzurida maxsus loyiha ofisi tashkil etiladi va uch tomonlama shartnoma imzolanadi. Mas’ullarga xorijdan $100 mln jalb qilib, yil yakunigacha kamida 1,2 ming gektarda shunday yana 5-6 ta loyiha boshlash topshirilgan.