
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahrida profilaktika inspektori tomonidan fuqaro qiynoqqa solingani haqida xabarlar tarqaldi. Bu borada IIV rasmiy munosabat bildirdi.
O‘rganish jarayonida ma’lum bo‘lishicha, 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro 14-avgust kuni oila nizosi sababli ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan va suhbatdan so‘ng uyiga qaytarilgan. Oradan ikki kun o‘tib, u sog‘lig‘i yomonlashgani uchun shifoxonaga murojaat qilgan.
Namangan shahar prokuraturasi mazkur holat yuzasidan JKning 104-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Ichki ishlar vazirligi holatni alohida nazoratga olib, xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun maxsus ishchi guruhni Namanganga yubordi. Tergov yakuniga ko‘ra aybdorlarga qat’iy chora ko‘rilishi ta’minlanishi bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Angrenda IIB tergovchisi pora bilan qo‘lga tushgani haqida yozgan edik.