Qozog‘iston TIV rahbari Murat Nurtleu va biznesmen Gadji Gadjiyev hibsga olindi — OAV

Qozog‘istonda tashqi ishlar vaziri, sobiq Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (KNB) mulozimi Murat Nurtleu va taniqli biznesmen Gadji Gadjiyev hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi.
Orda.kz’ning yozishicha, ularning uylarida tintuv o‘tkazilgan, shuningdek, bir nechta yuqori lavozimli KNB xodimi ham qo‘lga olingan.
Shunga qaramay, rasmiy vakillar ushbu ma’lumotlarni inkor etmoqda. Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri Aida Balaeva o‘zining Facebook sahifasida tarqalgan xabarlarni «ba’zi OAV va anonim Telegram-kanallardagi tasdiqlanmagan ma’lumotlar» deya atadi va hozircha rasmiy tasdiq yo‘qligini bildirdi.
Manbalarga ko‘ra, Murat Nurtleu tergov asosida hibsga olingan va uyida tintuv ishlari olib borilgan. Xuddi shunday holatda biznesmen Gadji Gadjiyev ham ushlangan. Ushbu jarayonlar KNB xodimlari ishtirokida o‘tkazilgani aytilmoqda.
Murat Nurtleu avval Milliy xavfsizlik qo‘mitasida turli lavozimlarda ishlagan, keyinchalik esa Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri hamda bosh vazir o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan. Gadji Gadjiev rasmiy ravishda biznesmen sifatida tanilgan bo‘lsa-da, ayrim manbalarda uning KNB bilan norasmiy aloqadorligi haqida ham ma’lumotlar uchraydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namangan shahar hokimi «dom» qurish uchun 60 ming dollar pora olayotganda ushlangani haqida xabar bergan edi.