Samarqand va Qoraqalpog‘istonda qalbaki va yaroqsiz alkogol mahsulotlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Department xodimlari noqonuniy alkogol mahsulotlarini savdoga qo‘yishga urinishning oldini oldi. Bu haqda departament telegram kanalida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Samarqand tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «S.S.» MCHJ mas’ullari 131 mln so‘mlik qalbaki aksiz markali 4 636 dona spirtli ichimliklarni savdoga qo‘yganlikda qo‘lga tushdi. Mahsulotlar daliliy ashyolar sifatida olib qo‘yildi.
Shuningdek, Ellikqal’a va Qo‘ng‘irot tumanlarida ham noqonuniy savdo bilan shug‘ullanayotgan shaxslar aniqlangan. Ular qalbaki aksiz markali 649 dona iste’molga yaroqsiz mahsulotni sotayotgan paytda ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘istonda 17 ta qishloq aholisi spirtli ichimliklardan butunlay voz kechgani haqida xabar bergan edi.