
Samsung o‘zining navbatdagi hamyonbop Samsung Galaxy S25 FE smartfoni rasmiy taqdim etdi. Bu haqda kompaniyaning o‘zi ma’lum qildi.
Smartfon Android 16 asosidagi One UI 8 interfeysi bilan chiqdi va 7 yil davomida yangilanishlarni oladi. Qiziq jihati shundaki, FE modeli Galaxy S25 Ultra’dan ham oldin final versiyani oldi.
Yangi qurilma 4 nm Exynos 2400 chipida ishlaydi. U 8 GB tezkor xotira va 512 GB gacha doimiy xotira bilan jihozlangan. Sovutish tizimidagi bug‘ kamerasi hajmi 10% kattalashtirilgan. Batareya sig‘imi 4900 mA/soat, tezkor quvvatlanishi esa 45 Vt.

Uning ekrani 6,7 dyuymli Dynamic AMOLED 2X, Full HD+ aniqlik va 120 Hz yangilanish tezligi bilan. Barmoq izi skaneri ekranga o‘rnatilgan, old kamera esa 12 MP.
Asosiy kamera uch modulga ega:
- 50 MP asosiy sensor (OIS bilan, F/1,8),
- 12 MP ultra-keng burchakli,
- 8 MP 3x optik zoom (F/2,4).
Smartfon korpusi 7,4 mm, old paneli Gorilla Glass Victus+, yon ramkasi alyuminiydan. Qurilma IP68 standarti bo‘yicha chang va suvdan himoyalangan.

Galaxy S25 FE’da Bluetooth 5.4, Wi-Fi 6E va bir qator sun’iy intellekt funksiyalari mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 Pro va S26 Edge qanday chipda ishlashi ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi.
Samsung Galaxy S26 Pro va Galaxy S26 Edge modellari Exynos 2600 chipida taqdim etiladi. Bu platforma Samsung Foundry tomonidan 2 nanometrli GAA texnologiyasi asosida ishlab chiqariladi va bozorga chiqqan birinchi 2 nm chip bo‘ladi.