
AQSh prezidenti Donald Tramp Hamas guruhidan G‘azoda saqlanayotgan 20 nafar garovni darhol ozod etishni talab qildi. U bu haqda o‘z Truth Social tarmog‘ida yozdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil 7-oktabrdagi hujumdan so‘ng 250 kishi G‘azoga olib ketilgan, hozirda 50 nafar isroillik garovda, ulardan 20 nafari tirik.

«Hamasga aytinglar, darhol barcha 20 nafar garovdagilarni (2, 5 yoki 7 emas!) ozod qilsin, vaziyat tezda o‘zgaradi. Hammasi yakun topadi«, deya yozadi Tramp.
Huquq tashkilotlari Isroil qamoqlarida 10,8 mingdan ortiq falastinlik qiynoqlar va tibbiy yordamdan mahrum holda saqlanayotganini bildirgan. Shu bilan birga, Isroilning 2023-yil oktabrdan beri olib borayotgan hujumlari natijasida G‘azoda 64 mingga yaqin odamlar halok bo‘lgan.
Xalqaro sud organlari Netanyaxu va Gallantga urush jinoyatlari uchun order chiqargan, Isroil esa genotsid ishi bo‘yicha javobgarlikka tortilgan. Shu paytga qadar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlar natija bermadi.