Adliya tizimida davlat xizmatlari yanada soddalashtiriladi

Shavkat Mirziyoyev adliya tizimida davlat xizmatlarini kengaytirish va soddalashtirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
So‘nggi sakkiz yilda tizimni modernizatsiya qilish maqsadida 70 ga yaqin qonun va qaror qabul qilinib, hududlarda 202 ta Davlat xizmatlari markazi ish boshladi. Bugungi kunda 500 dan ortiq xizmatlar «bir darcha» tamoyili bilan taqdim etilmoqda.
Kelgusi uch yilda davlat xizmatlari soni 900 taga yetkaziladi, yiliga 80 xizmat «3 qadam» tamoyili asosida soddalashtiriladi, 1 ming 100 ta interaktiv kiosk o‘rnatiladi. Fuqarolardan talab qilinadigan 30 turdagi hujjat bekor qilinadi, notarial va ekspertiza xizmatlari onlaynlashtiriladi, raqamli texnologiyalar keng joriy etiladi.
Shuningdek, aholi va tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida «Aqlli targ‘ibot» va «Adliya TV» orqali huquqiy ma’lumotlar yetkazib beriladi. Islohotlarni amalga oshirishda idoralar vakolatlari kengaytiriladi, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish muddati ikki barobar qisqaradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va AQSh yetakchilari telefon orqali muloqot qilgan edi.