Afg‘onistonda uchinchi kuchli zilzila oqibatida kamida 2205 kishi halok bo‘ldi

Afg‘oniston janubi-sharqida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lib, kamida 2205 kishi halok bo‘ldi, 3640 kishi jarohat oldi, 84 mingdan ortiq aholi zarar ko‘rdi. Bu yakshanbadan beri hududda qayd etilgan uchinchi kuchli silkinishdir, deya xabar bermoqda Reuters.
Zilzilaning epitsentri Pokiston chegarasiga yaqin Shiwa tumani bo‘lib, u 10 km chuqurlikda yuz berdi. Avvalgi zilzilalar Kunar va Nangarhor viloyatlarida qishloqlarni vayron qilgan, 6700 dan ortiq uy buzilgan. Ayrim hududlarda binolarning 98% vayron bo‘lgan.
Qutqaruvchilar vayronalar ostidan jasadlarni qidirishda davom etmoqda. BMT va gumanitar tashkilotlar oziq-ovqat, dori-darmon va boshpana yetishmayotganini ta’kidladi. Jahon oziq-ovqat dasturi yordamni faqat to‘rt hafta davomida ko‘rsatishi mumkinligini ogohlantirdi.
Donorlar mablag‘larining qisqarishi va Tolibon cheklovlari yordam jarayonini yanada murakkablashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Afg‘onistonda zilzila qurbonlari uchun oziq-ovqat zaxiralari tugab borayotgani haqida bayonot bergan edi.