Buxoroda kanalizatsiya quvuridan uch nafar ishchining jasadi topildi — IIB

eʼlon qilindi
Qolgan ikki nafar ishchini qidirish ishlari davom etmoqda
Foto: Buxoro IIB

Shu yilning 4-sentabr kuni Buxoro tumanining Bog‘idasht qishlog‘i hududidan o‘tuvchi markaziy kanalizatsiya quvuriga besh nafar ishchi ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgan. Bu haqda shu kuni soat 12:02 da Buxoro viloyati Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar boshqarmalariga murojaat kelib tushgan.

Foto: Buxoro IIB

Olib borilgan tekshiruv jarayonida aniqlanishicha, «Fayz binokor Oltiariq» MChJning besh nafar ishchisi yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya tarmoqlarini markaziy quvurga ulash jarayonida mehnat xavfsizligi qoidalariga amal qilmagan.

«O‘rta Osiyo qurilish» MChJga qarashli KamAZ kran haydovchisi ruxsatsiz ravishda quvur qopqog‘ini ochib qo‘ygan. Natijada diametri 1000 mm, chuqurligi 8 metr bo‘lgan kanalizatsiyaga tushib ketgan So‘ng kuchli oqim ishchilarni olib ketgan.

Foto: Buxoro IIB

Hodisa joyida olib borilgan qidiruv ishlari davomida Buxoro tumanining «Zarmanoq» mahalla fuqarolari yig‘ini hududidagi oqova suv uzatgich punktida uch nafar ishchining jasadi topildi. Qolgan ikki nafar ishchini qidirish ishlari davom etmoqda.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro viloyati IIB Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Rossiyadagi kon qulashida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani haqida yozgandi.

Shuningdek