Fargʻona vodiysida metan cheklovi sababli ikki ming tonna benzin ajratildi

Fargʻona vodiysida 5-sentabr kuni soat 12:00 dan 36 soat davomida «Ohangaron-Pungon» magistral gaz quvuri orqali tabiiy gaz uzatish vaqtincha toʻxtatiladi.
Shu munosabat bilan avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari hamda yirik iste’molchilarning gaz ta’minoti ham cheklanadi.
Energetika vazirligi topshirigʻiga koʻra, «Oʻzbekneftgaz» AJ hudud aholisi ehtiyojini qoplash maqsadida birja savdolariga ikki ming tonna benzin qoʻydi. Bu hajm odatdagi kunlik koʻrsatkichdan qariyb yetti baravar koʻpdir. Shu paytgacha Fargʻona vodiysi uchun kuniga oʻrtacha 250 – 300 tonna benzin ajratilgan.
Shuningdek, neft bazalari 24 soatlik ish rejimiga oʻtkazilib, avtobenzin hududiy AYQShlarga uzluksiz yetkazib berilishi ta’minlanadi. Mutasaddilarning qayd etishicha, bu chora vaqtinchalik noqulayliklarni yumshatishga va aholining yonilgʻi ta’minotida uzilishlarga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘ona vodiysida vaqtincha gaz uzatish to‘xtatilishi haqida xabar bergan edi.