Qirg‘iziston kuchli va tartibli jamoa, oson o‘yin bo‘lmaydi – Shomurodov

5-sentabr 2025 12:12 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Zohid Qurbonov

Zohid Qurbonov

Muxbir z.qurbonov@kursiv.media
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston terma jamoasi CAFA Nations Cup 2025 guruh bosqichi uchinchi turida Qirg‘izistonga qarshi o‘yin oldidan tayyorgarlikni yakunlamoqda. Jamoa sardori Eldor Shomurodov bo‘ladigan uchrashuv haqida fikr bildirdi.

Qirg‘izistonga qarshi o‘yin haqida

Uning ta’kidlashicha, guruhda intriga yuzaga kelgan, ya’ni O‘zbekiston va Ummon bir xil ochko va gollar soniga ega. Shomurodovning so‘zlariga ko‘ra, finalga chiqish uchun imkon qadar samarali o‘ynash kerak.

«Oldinga o‘tish uchun ko‘proq gol urishimiz kerak. Qirg‘iziston kuchli va tartibli jamoa, ular doim oxirigacha kurashadi. Oson o‘yin bo‘lmaydi, lekin biz g‘alaba uchun bor kuchimizni sarflaymiz», dedi u.

Taktika va masofadan zarbalar haqida

Hujumchi o‘yin uslubi haqida gapirar ekan, uzoq masofadan zarbalar har doim ham samarali qurolga aylanmasligini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, hujumda oqilona qarorlar qabul qilish muhimroq.

«Uzoq masofadan berilgan zarbalar har doim ham natija beravermaydi. Zarba berib, vaziyatni qo‘ldan chiqargandan ko‘ra, to‘pni qulayroq pozitsiyadagi sherikka oshirgan ma’qul», deya qo‘shimcha qildi Shomurodov.

«Istanbul Bashakshehir»ga moslashish haqida

Shomurodov klubdagi faoliyatiga to‘xtalib o‘tarkan, Turkiyadagi moslashuv jarayoni sekin-astalik bilan kechayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Abbosbek Fayzullayevning «Bashakshehir»ga o‘tishi jarayonni ancha yengillashtirgan, chunki futbolchilar bir-biriga ko‘maklashib, jamoaga tezroq moslashmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Timur Kapadze Paulu Bentu haqida fikr bildirganini yozgandi.

Shuningdek