Qurilish uchun ruxsatnoma berish ishlarida kadastr idoralari ishtirok etmaydi — Kadastr agentligi

eʼlon qilindi
Kadastr idoralari faqat yerga bo‘lgan huquqini ikki ish kunida ro‘yxatdan o‘tkazib beradi
Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Tadbirkor qurilishdagi korrupsiya haqida» nomli videopost yuzasidan Kadastr agentligi ham rasmiy bayonot berdi.

«Videoda tadbirkor tilga olgan qurilish uchun ruxsatnoma berish ishlarida kadastr idoralari ishtirok etmaydi! Shuningdek, fuqaro ba’zi jarayonlarni chalkashtirmoqda. Tadbirkor yer sotib olgandan so‘ng kadastr idoralari faqat yerga bo‘lgan huquqini ikki ish kunida ro‘yxatdan o‘tkazib beradi va bu ruxsatnoma berish jarayoni emas.

Kadastr idoralari barcha qurilish ishlari tugallanganidan so‘ng ko‘chmas mulkni o‘lchab, kadastr pasportini shakllantirib beradi va tegishli tashkilotlar tomonidan foydalanishga ruxsatnoma berilganidan so‘ngina ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi», deyiladi bayonotda.

Qurilish vazirligi izohi

Avvalroq Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqidagi fikrlar bo‘yicha izoh bergandi.

Unga ko‘ra, 29-avgust kuni qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov sohada asossiz rad etishlar va korrupsiyaviy holatlar mavjudligini tilga olgan edi.

Vazirlik izohiga ko‘ra, qurilish sohasidagi barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda faqat elektron tarzda amalga oshiriladi. Jismoniy yoki yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini my.gov.uz portali yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali topshirishi mumkin. Bu jarayonda fuqaro bilan vakolatli organ vakillari o‘rtasida bevosita muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi.

«Birinchidan, qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar belgilangan tartibda elektron tarzda amalga oshiriladi. Qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emas», –deyilgan izohda.

Shuningdek