2024-yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan

Senatning 10-yalpi majlisida talabalar o‘rtasidagi jinoyatchilik yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Shu bois ayrim hollarda nosog‘lom muhit yuzaga kelib, huquqbuzarlik va jinoyatchilikka sabab bo‘lmoqda.
Raqamlarga ko‘ra, 2024-yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan. 2025-yilning dastlabki olti oyida esa 102 ta oliy ta’lim muassasasida 307 nafar talaba turli jinoyatlarga qo‘l urgan. Asosiy jinoyatlar yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik va firibgarlik bilan bog‘liq.
Jinoyatlar ko‘proq Toshkent shahri va Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlarida qayd etilgan. Oliy ta’lim muassasalari orasida esa Toshkent davlat transport universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida ko‘proq holatlar kuzatilgan.
Shuningdek, talabalarning dars mashg‘ulotlariga qatnashishi muntazam nazorat qilinmagani, yotoqxonalarda kirib-chiqish va tungi vaqtda bo‘lish ustidan yetarli nazorat yo‘qligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi. Bundan tashqari, oliy ta’lim sohasida ayrim xodimlarga nisbatan korrupsiya holatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani ham qayd etildi.
Muhokama yakunida senatorlar vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipovga parlament so‘rovi yuborish bo‘yicha qarorni ma’qulladi.
Bundan avval Oliy ta’lim qamrovi to‘qqiz foizdan 42 foizga oshib, 35 ta universitet xalqaro reytinglarda qayd etilgani haqida xabar berilgandi.