Talabalar ta’lim kreditini onlayn shaklda qanday olishlari mumkin — qo‘llanma

eʼlon qilindi
Foiz stavkalari, imtiyozlar va onlayn topshirish usullari
Foto: TDTU

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024/2025-o‘quv yili boshida O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar soni 707,3 ming nafarni tashkil etdi. Yangi o‘quv yilining dastlabki oylari, kontrakt, ta’lim krediti olish, ijaraga uy topish kabi masalalarni hal qilish bilan o‘tadi. Kursiv Uzbekistan talabalar uchun dolzarb va kerakli bo‘lgan ta’lim kreditini qanday olish bo‘yicha qo‘llanmani taqdim etadi.

Ushbu maqolada quyidagilarni bilib olasiz:

Ta’lim krediti kimlarga beriladi

O‘zbekiston oliy va professional ta’lim tizimida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun ta’lim krediti ajratish tizimi joriy qilingan. Ushbu kreditning asosiy maqsadi – talabalarga o‘qish xarajatlarini qoplashda yordam berish va ularning ta’limini moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlashdir.

Ta’lim krediti faqat kunduzgi shaklda tahsil olayotgan talaba va o‘quvchilarga beriladi. Sirtqi, kechki yoki masofaviy shakldagi ta’lim oluvchilar bu imkoniyatdan foydalana olmaydi. Oliy ta’lim muassasalari talabalari ham, professional ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan o‘quvchilar ham ta’lim kreditidan foydalanish huquqiga ega.

Qancha miqdorda ta’lim krediti olish mumkin

Ajratiladigan kredit miqdori talabaning bosqichiga qarab farqlanadi. Birinchi kurs talabalari uchun kredit to‘lov-shartnomada ko‘rsatilgan to‘liq summa miqdorida beriladi. Ikkinchi kurs va undan yuqori bosqichlarda esa o‘rtacha baho «3»dan past bo‘lsa, kredit faqat kontrakt summasining 80 foizigacha ajratiladi. Demak, yaxshi o‘qiyotgan talabalar uchun imkoniyat kengroq bo‘lib, past baho olganlar esa ma’lum cheklovlarga duch keladi.

Kredit foiz stavkalari

Foiz stavkalari bo‘yicha ham muhim qulayliklar mavjud. Xotin-qizlar uchun kredit 0 foizdan beriladi. Yigitlar uchun esa foiz stavkasi 14 foiz etib belgilangan.

Eng e’tiborli jihat shundaki, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilsa ham, ajratilgan ta’lim krediti uchun belgilangan stavka o‘zgarmaydi. Ammo agar asosiy stavka pasaysa, kredit foizi ham pasayadi.

Kreditni olish bosqichlari

Ta’lim krediti olish jarayonida eng muhim bosqichlardan biri – ma’lumotlarning elektron tizimlarda mavjudligi. Oliy ta’lim talabalari uchun kontrakt.edu.uz va my.hemis.uz platformalaridagi ma’lumotlar to‘liq va mos bo‘lishi kerak.

Professional ta’lim o‘quvchilari esa prof.edu.uz tizimida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishlari zarur. Agar tizimlarda talaba haqida noto‘g‘ri yoki to‘liq ma’lumotlar bo‘lmasa, ariza rad etilishi mumkin.

Rasmiylashtirish jarayoni to‘liq onlayn amalga oshiriladi. Talaba avvalo elektron tizimlarda o‘z ma’lumotlarini tekshiradi va to‘g‘ri kiritilganiga ishonch hosil qiladi. So‘ngra talim-krediti.uz sayti orqali ariza yuboradi.

Arizada o‘qiyotgan ta’lim muassasasi, kurs, shartnoma summasi va boshqa zarur ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng tizim orqali turli banklarning takliflari taqdim etiladi va talaba ulardan birini tanlaydi. Bank tasdiqlaganidan keyin kredit mablag‘i to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’lim muassasasi hisobiga o‘tkaziladi.

talim-krediti.uz platformasidan ro‘yxatdan o‘tish va ariza jo‘natish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi videoqo‘llanmasi

Amaliyotda talabalarning xatolarga yo‘l qo‘yishi ko‘p uchraydi. Masalan, HEMIS yoki kontrakt.edu.uz tizimlaridagi ma’lumotlar yangilanmagan bo‘lishi, kontrakt summasi noto‘g‘ri kiritilishi yoki o‘rtacha baho talabi inobatga olinmasligi kredit ajratilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Shu bois avvalo elektron tizimlardagi ma’lumotlarni to‘liq va aniq kiritish talab qilinadi.

Qaysi banklardan ta’lim krediti olsa bo‘ladi

Hozirda talabalar uchun quyidagi banklar ta’lim kreditini ajratmoqda:

Kreditni qaytarish tartibi

Qarzni qaytarish tartibida ham talaba uchun yengillik mavjud. O‘qish muddati tugagandan keyin darhol emas, balki yettinchi oydan boshlab to‘lov boshlanadi. Butun kreditni qaytarish muddati esa yetti yil etib belgilangan.

Shu bois talaba o‘qishni tugatgach, ishga joylashib moliyaviy mustaqillikka erishib olishiga vaqt beriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan super-kontrakt narxi qanday hisoblanishi haqida yozgandi.

Shuningdek