«Tashabbusli budjet»da g‘olib bo‘lgan loyihalarga 3,2 trln so‘m ajratiladi

Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, «Tashabbusli budjet» loyihasining joriy yilgi 2-mavsumida jami 18,7 ming loyiha ishtirok etdi.
Ulardan 2,3 ming loyiha g‘olib bo‘lib, loyihalarni amalga oshirish uchun 3,2 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Jarayon davomida 11,1 milliondan ortiq ovoz berilgan.
G‘olib loyihalarning aksariyatini ichki yo‘llarni (piyodalar yo‘lakchasi, yo‘l o‘tkazgichlar) ta’mirlash (1186 ta), umumta’lim maktablarini (460 ta) va sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish (232 ta) tadbirlari tashkil qiladi.

Loyihalari eng ko‘p g‘olib chiqqan hududlar:
- Farg‘ona viloyati – 274 ta;
- Toshkent viloyati – 230 ta;
- Samarqand viloyati – 220 ta.
Shuningdek, ushbu hududlardagi loyihalarning katta qismi yo‘l ta‘miriga aloqador. Xususan, Samarqandda g‘olib loyihalarning 64 foizi, Toshkent viloyatida 51 foizi va Farg‘onada 38 foizi ichki yo‘llarni ta’mirlashga qaratilgan.
Bundan avval prezident qarori bilan qonunchilik palatasida tashabbusli budjet loyihalarining amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini olib borish uchun 11 nafar deputatdan iborat parlament komissiyasi tuzilishi belgilangandi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-fevraldan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni aholi va davlat sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti joriy etiladi. Agar aholi loyiha qiymatining 50 foizini o‘z xohishiga ko‘ra moliyalashtirsa, loyiha g‘olib deb topiladi. Bunda qolgan 50 foizi respublika budjetidan qoplanadi.