
Berlin shahrida bo‘lib o‘tadigan IFA 2025 ko‘rgazmasida Ulefone o‘zining yangi RugOne brendini namoyish etadi.
Ushbu yo‘nalish kuchli himoyaga ega ekstremal sharoitlarga moslashtirilgan smartfonlarga ixtisoslashadi. Dastlabki modellari RugOne Xever 7 va Xever 7 Pro bo‘ladi. Qiziq jihati, nomlanishi Samsung XCover 7 seriyasini eslatadi.
Kuchli protsessor va keng xotira
Xever 7 Pro MediaTek Dimensity 7025 chipsetida ishlaydi. Qurilma 12 GB tezkor xotira va 512 GB ichki xotira bilan ta’minlangan. Xotirani microSD orqali 2 TB gacha kengaytirish imkoni mavjud.
AMOLED displey va ilg‘or kamera tizimi
Smartfon 6,67 dyuymli AMOLED displeyga ega bo‘lib, FullHD+ aniqlik va 120 Hz yangilanish chastotasi tasvirlarni silliq ko‘rsatadi. Old kamera 32 MP GalaxyCore GC32E1 sensori asosida ishlaydi. Asosiy kamera tizimida esa 50 MP Samsung ISOCELL GN9 hamda 64 MP OmniVision OV64B tungi ko‘rish kamerasi mavjud. Bundan tashqari, qurilmaga termovizor ham o‘rnatilgan.

Batareya innovatsiyasi
Smartfon 5500 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. 33 Vt tezkor zaryad va 10 Vt teskari quvvatlashni qo‘llaydi. Eng qiziqarli jihati batareyani qurilmani o‘chirib qo‘ymasdan almashtirish mumkin. Bunga 80 mA/soatli kichik yordamchi batareya imkon beradi, u telefonni 3 daqiqa davomida mustaqil ushlab turadi. Komlektatsiyada qo‘shimcha akkumulyator va maxsus qopqoq ham taqdim etiladi.
Mustahkam himoya va qo‘shimcha imkoniyatlar
Xever 7 Pro eSIM texnologiyasi, yon barmoq iz skaneri, sozlanadigan qo‘shimcha tugma, 3,5 mm naushnik porti va kuchli fonar bilan jihozlangan. Qurilma IP68/IP69K sertifikatiga ega bo‘lib, suv va changdan maksimal himoya qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan 21 200 mA/soat batareyaga ega Ulefone Armor 29 Pro smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.