
Yevropada yangilangan Citroen C5 Aircross taqdim qilindi. Bu haqda ITHome xabar qilmoqda.
Avtomobil Buyuk Britaniyada 38 855 funt sterlingdan boshlang‘ich narxda sotuvga chiqmoqda. Yangilangan model tashqi ko‘rinishda sezilarli o‘zgarishlarga ega. Old qismda uch nuqtali LED kunduzgi chiroqlar, qayta ishlangan bamper va radiator panjarasi o‘rnatilgan. Mashinaning g‘ildirak bazasi 2780 millimetrni tashkil qiladi. Yukxona hajmi esa 651 litr bo‘lib, orqa o‘rindiqlar yig‘ilganda 1985 litrgacha kengayadi.
Texnik jihatdan avtomobil gibrid tizim bilan jihozlangan. Unda 150 ot kuchiga ega benzinli dvigatel va 125 ot kuchli elektromotor ishlaydi. Umumiy quvvat 195 ot kuchiga teng. 21 kVt·soat sig‘imli batareya avtomobilni elektr rejimida 85 kilometrgacha harakatlantiradi. 7,4 kVt quvvatli zaryadlovchi yordamida batareya to‘liq quvvat olish uchun 2 soat 55 daqiqa vaqt talab qiladi.
MAX komplektatsiyasi keng imkoniyatlarga ega. Unda 360 darajali kamera, proyeksion displey, rul va old o‘rindiqlar isitkichi, elektr boshqaruvli yukxona eshigi va Drive Assist Pack 2.0 yarim-avtonom boshqaruv tizimi mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Honda Prelude savdosi boshlangani haqida yozgan edi.