2026-yildan O‘zbekistonda avtomobillarga ism yozilgan noyob raqamlar joriy etiladi

O‘zbekistonda avtomobillarga ism yoki maxsus so‘z tushirilgan noyob davlat raqamlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi. Hukumatning 2025-yil 4-sentabrdagi 562-son qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab bu tizim amaliyotga kiritiladi.
Qarorga ko‘ra, «Uzavtomotobelgi» davlat unitar korxonasiga aholining talab va taklifidan kelib chiqqan holda oltitagacha harf va (yoki) raqam kombinatsiyasidan iborat noyob raqamlarni ochiq elektron auksion orqali sotish huquqi berildi.
Bunday raqamlar mavjud davlat raqamlarini takrorlamasligi, qonunchilikka zid yoki axloqiy me’yorlarga xilof ma’noga ega bo‘lmasligi shart.
Endilikda ko‘chalarda «ELYOR», «AZIZA», «ODIL» yoki «BUXORO» kabi yozuvlar tushirilgan avtomobillarni ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Rasmiylarga ko‘ra, mazkur yangilik haydovchilarning qiziqishi va ehtiyojidan kelib chiqqan holda joriy etilmoqda hamda jarayonning shaffofligi ochiq savdolar orqali ta’minlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan chiroyli avtoraqamlarga talab 23 foizga kamaygani haqida xabar bergan edi.