Fermerlar ham, iste’molchilar ham yutmaydi — iqtisodchi qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga QQS bekor qilinishi haqida

eʼlon qilindi
Mutaxassisga ko‘ra, narxlar o‘zgarmaydi yoki hatto oshadi
Foto: Foto: edmond77 / depositphotos

2026-yil 1-yanvardan boshlab dehqon va fermerlar g‘alla va paxtadan tashqari yetishtirgan mahsulotlarini sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod etiladi.

Iqtisodchi Yuliy Yusupov fikricha, fermerlarga bunday imtiyoz berilishi hisob-kitob zanjirini uzib qoʻyadi va natijada na mahsulot yetishtiruvchilar, na iste’molchilar real foyda koʻradi.

«Agar nolinchi stavka faqat fermerlarga berilib, savdo va umumiy ovqatlanish sohalarida saqlanib qolinsa, oxir-oqibat xaridor baribir QQS toʻlaydi. Narxlar oʻzgarmaydi yoki hatto oshadi», dedi ekspert.

Yusupovning ta’kidlashicha, bunday sharoitda chakana savdo va restoranlar xarajatlarni qoplash uchun narxlarni koʻtarishga majbur boʻladi, bu esa fermer mahsulotlariga talabni pasaytiradi. Shu bilan birga, oʻgʻit, yonilgʻi va boshqa resurslarga toʻlangan QQSni qaytarib olish amaliyotda murakkab boʻlishi mumkin.

«Natijada na fermerlar, na iste’molchilar yutadi, soliq yukining ogʻirligi esa saqlanib qoladi», — deya qoʻshimcha qildi iqtisodchi.

Mutaxassis muqobil yechim sifatida oziq-ovqat mahsulotlariga butun zanjir boʻylab, ya’ni mahsulotni yetishtiruvchidan tortib oxirgi sotuvchigacha nolinchi yoki pasaytirilgan stavkalarni joriy etishni taklif qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish korxonalariga 33 mlrd soʻmlik QQS qaytarilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek