O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor Panini stiker albomidan joy oladi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi jahonning mashhur sport kolleksiya brendi Panini bilan hamkorlikka doir kelishuvga erishdi. Natijada tarixda ilk bor O‘zbekiston milliy terma jamoasi Paninining dunyo bo‘ylab mashhur stiker albomida taqdim etiladi.
O‘zbekiston shu tariqa Markaziy Osiyoda Panini bilan hamkorlik qilayotgan birinchi davlatga aylandi. 1970-yildan buyon FIFA bilan hamkorlik qilib kelayotgan kompaniya futbolchilar ishtirokidagi kolleksion stikerlar va kartochkalar seriyasini muntazam ravishda taqdim etadi. Panini bugungi kunda FIFA, UEFA, NBA, NFL kabi yirik sport tashkilotlari hamda dunyoning yetakchi futbol klublari bilan ishlaydi.
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatovning ta’kidlashicha, Panini bilan hamkorlik nafaqat sport tarixidagi muhim voqea, balki O‘zbekiston futboli imijini xalqaro miqyosda mustahkamlash uchun ham katta qadamdir.
«Panini rasmiy kolleksiyasidan joy olish – yurtimiz futbolining yillar davomida bosib o‘tgan rivojlanish yo‘liga juda mos e’tirofdir. Bu butun dunyoga o‘zbek futbolining jahon miqyosida o‘z o‘rnini topib borayotganligini ko‘rsatadi», — dedi Irmatov.
Panini albomlari yillar davomida millionlab futbol ishqibozlari tomonidan to‘plangan bo‘lib, ular sport tarixini aks ettiruvchi muhim kolleksiya sifatida qadrlanadi. Endilikda O‘zbekiston terma jamoasi ham bu albom sahifalaridan joy olib, millat ruhini va futbolchilarning yutuqlarini butun dunyoga namoyish etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA prezidenti Oʻzbekistonga tashrif buyurishi haqida xabar bergan edi.