
Yangi avtomobillar narxining oshishi va daromadlar o‘sishining sekinlashuvi ko‘plab haydovchilarni mashinalarini uzoqroq muddatda ishlatishga majbur qilmoqda. Shu bois iSeeCars.com tahliliy resursi 400 ming kmdan ortiq yo‘l bosishga qodir bo‘lgan avtomobillar reytingini aniqladi.
Natijalarga ko‘ra, reytingning yetakchilari Toyota’ning pikap va yo‘ltanlamas modellari bo‘ldi. O‘rtacha avtomobilning 400 ming km ga yetish ehtimoli 8,6 foiz bo‘lsa, ayrim Toyota modellari bu ko‘rsatkichni to‘rt barobar oshirib berdi.

Reytingda o‘ninchi o‘rinda Chevrolet Silverado 1500 (18,8%), to‘qqizinchi o‘rinda esa Lexus GX (20,7%) qayd etildi. GX ro‘yxatdagi yagona premium-segment avtomobili bo‘ldi.
Yettinchi o‘rinda ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan Toyota Avalon (22%) turibdi. Shu bilan u «uzoq umrli» mashinalar orasida yagona sedan sifatida ajralib chiqdi. Xuddi shunday natijani Chevrolet Suburban ham ko‘rsatgan.
Beshinchi o‘rinni Honda Ridgeline (25,8%) egalladi. Uni biroz ustunlik bilan Toyota Highlander Hybrid (25,9%) ortda qoldirdi. Bu Toyota gibrid texnologiyalarining ishonchliligini tasdiqlaydi.

Kuchli to‘rtlikda Toyota Tacoma (26,7%) va Toyota 4Runner (26,8%) joy oldi. Ikkinchi o‘rinni Toyota Sequoia (36,4%) egallagan bo‘lsa, ro‘yxat yetakchisi Toyota Tundra (36,6%) bo‘ldi.
Tadqiqot xulosasiga ko‘ra, 400 ming km dan ortiq masofani bosib o‘tadigan eng ishonchli avtomobillar asosan Toyota’ga tegishli. Bu esa xaridorlar uchun uzoq muddat kapital ta’mirsiz foydalanish imkonini anglatadi.
Reyting:
O‘rin | Model | 400 ming kmga yetish ehtimoli |
---|---|---|
10 | Chevrolet Silverado 1500 | 18,8 % |
9 | Lexus GX | 20,7 % |
8 | Toyota Avalon | 22,0 % |
7 | Chevrolet Suburban | 22,0 % |
6 | Honda Ridgeline | 25,8 % |
5 | Toyota Highlander Hybrid | 25,9 % |
4 | Toyota Tacoma | 26,7 % |
3 | Toyota 4Runner | 26,8 % |
2 | Toyota Sequoia | 36,4 % |
1 | Toyota Tundra | 36,6 % |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt avtomobili yordamida takschilik qilishda nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida yozgan edi.