Google Photos suratlarni videoga aylantirish funksiyasini ishga tushirdi

eʼlon qilindi
Yangi imkoniyat Veo 3 modeli asosida ishlaydi
Google Photos
Google Photos suratlarni videoga aylantirish funksiyasini ishga tushirdi / Foto: Midjourney

Google Photos ilovasi sun’iy intellekt yordamida yangi imkoniyatlarni taklif etmoqda. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.

Endi foydalanuvchilar suratlarini to‘rt soniyalik qisqa videoroliklarga aylantira olishadi. Funksiya «Yaratish» bo‘limida mavjud bo‘lib, undan ayrim foydalanuvchilar allaqachon foydalanishni boshlashgan.

Yangi imkoniyat Veo 3 modeli asosida ishlaydi. Bu Google’ning iyul oyida taqdim etilgan eng so‘nggi video montaj tizimi bo‘lib, avvalgi versiyaga qaraganda ancha tiniq va realistik natijalarni beradi. Foydalanuvchilar ikki xil rejimni tanlashlari mumkin: Subtle Motion (suratga sekin harakat berish) yoki I’m Feeling Lucky (tasodifiy animatsiya qo‘shish).

Veo 3 ilk bor may oyida o‘tkazilgan Google I/O konferensiyasida Flow (matndan video yaratish) va Vids (SI asosidagi videomontaj dasturi) bilan birga taqdim etilgan edi. Eng ilg‘or funksiyalar — masalan, realistik ovoz generatsiyasi — faqat oyiga $250 turadigan AI Ultra tarifida mavjud. Biroq Google Photos foydalanuvchilari hozircha bepul, kunlik cheklangan hajmda videolar yaratishi mumkin.

«Yaratish» bo‘limida boshqa SI vositalari ham mavjud: suratlarni 3D animatsiyaga aylantirish, kalit so‘zlar asosida eng yaxshi kadrlarni avtomatik yig‘ish va tematik kliplar yaratish. Shu bilan Google Photos endilikda oddiy media saqlash xizmati emas, balki SI asosida ijodiy kontent yaratuvchi platformaga aylanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Google Yevropa Ittifoqida reklama bozorini suiiste’mol qilgani uchun 2,95 mlrd yevro jarimaga tortilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek