O‘zbekiston Afg‘onistonda elektr uzatish liniyalari va podstansiyalar qurishda yordam beradi

O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonda elektr uzatish liniyalari va podstansiyalar qurishda yordam beradi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
6-sentabr kuni Afg‘oniston poytaxti Qobul shahrida energetika sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va mamlakat energetika sektorini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan birinchi konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Afg‘oniston hukumati vakillari bilan bir qatorda O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston energetika vazirliklari delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida Afg‘onistonda 220–500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalar qurilishi bo‘yicha moliyaviy shartnoma imzolandi. Loyihaning qurilishiga rasman start berildi.
Mazkur infratuzilma loyihalari 2027-yilning birinchi choragiga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularning natijasi O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda mintaqada barqaror elektr ta’minotini ta’minlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston Afg‘onistonga 265 tonna gumanitar yordam yuborgani haqida yozgan edi.