1-oktabrdan chiroyli avtoraqamlar savdosi to‘xtatiladi

Shu yilning 1-oktabridan boshlab chiroyli avtoraqamlar O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi orqali sotilmaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
Sotilmay qolgan kombinatsiyalar esa avtomobil egalari o‘rtasida toifalarga qarab taqsimlanadi. 1–3-toifa raqamlar «O‘zavtomotobelgi» tomonidan bevosita sotiladi va ular uchun yagona oshirilgan to‘lov undiriladi. Boshqa kombinatsiyalar esa umumiy navbat asosida beriladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab esa birja orqali raqam auksionlari va chiroyli raqamlarni yuqori stavkalarda berish amaliyoti butunlay bekor qilinadi. Endilikda har bir fuqaro yoki tashkilot istalgan harf va raqam kombinatsiyasini elektron murojaat orqali buyurtma qilishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, ochiq yagona baza ishga tushiriladi. Bu bazada avval berilmagan va aylanmada bo‘lmagan kombinatsiyalar joylashtiriladi. Unga quyidagi manbalar orqali kirish mumkin bo‘ladi:
- Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (YHXX) rasmiy sayti;
- YHXX xizmati mobil ilovasi;
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;
- YHX bo‘limlaridagi infokiosklar.
Yangi hudud kodlari faqat amaldagi kodlar bo‘yicha kombinatsiyalar kamida 90 foiz tugagach muomalaga kiritiladi.
Ichki ishlar vazirligi YHX bo‘limlarini buyurtma asosida raqamlar tayyorlash uchun zarur uskunalar va materiallar bilan ta’minlashi lozim. Shuningdek, chiroyli raqamlar uchun yangi elektron auksion tizimi yaratiladi.
Buyurtma asosidagi avtoraqamlar jismoniy va yuridik shaxslarga 30 daqiqada beriladi. Chet elliklar hamda mototransport vositalari uchun esa raqamlarni tayyorlash va yetkazib berish muddati 14 ish kunini tashkil qiladi.
Avvalroq «Kursiv» 2026-yildan O‘zbekistonda avtomobillarga ism yozilgan noyob raqamlar joriy etilishi haqida yozgandi.