Yil boshidan buyon 1,3 mln nafar o‘zbekistonlik Rossiyaga ishlash uchun borgan

eʼlon qilindi
Yil boshidan buyon Rossiya hududiga jami 1,8 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarolari kirgan
migrant
2025-yil boshidan buyon 1,3 million O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga ish izlab borgan. Foto: RIA Novosti / Yevgeniy Yepanchinsev

2025-yil boshidan buyon Rossiyaga boshqa davlatlarga nisbatan eng ko‘p O‘zbekiston fuqarolari tashrif buyurdi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil davomida Rossiya hududiga 1,8 milliondan ortiq o‘zbekistonlik kirgan. Ulardan 1,3 millioni mehnat faoliyati uchun, qariyb 291 ming nafari (16 foiz) shaxsiy tashrif, 1,5 foizi esa o‘qish maqsadida borgan.

Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston fuqarolari turibdi. Ushbu mamlakatdan Rossiyaga 1,5 million kishi tashrif buyurgan. Ularning yarmidan ko‘pi – qariyb bir millioni shaxsiy tashrif uchun, 7,9 foizi ish maqsadida, 3,2 foizi esa o‘qish uchun borgan.

Uchinchi pog‘onada Tojikiston fuqarolari qayd etilgan. Joriy yil boshidan buyon Rossiyaga 800 mingdan ortiq tojikistonlik kelgan. Ularning 600 ming nafari ish uchun kirgani ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, Xitoydan 760 mingdan ortiq kishi Rossiya hududiga tashrif buyurgan. Statistikaga ko‘ra, ularning 317 ming nafari turist sifatida, 137 ming nafari ishbilarmonlik safarida bo‘lgan. Qolganlaridan 9,5 foizi ish, 6,2 foizi o‘qish uchun kelgan.

Qirg‘iziston fuqarolari ham ro‘yxatdan joy oldi. Joriy yil davomida 500 mingga yaqin kishi Rossiyaga tashrif buyurgan. Ularning 346 ming nafari ishchi, 88 ming nafari esa shaxsiy tashrif uchun kelgani qayd etilgan.

TOP – 10 davlatlar qatorida, shuningdek, Abxaziya, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus va Mo‘g‘uliston fuqarolari ham bor.

2025-yilning birinchi yarmida Rossiyadan 2,8 ming nafar migratsiya qonunchiligini buzgan shaxs deportatsiya qilingan. Bundan tashqari, propiska va vaqtincha propiska berish sezilarli darajada qisqartirilgan: ruxsatnomalar soni 31-32 foizga kamaygan, 791 nafar shaxsning Rossiya fuqaroligi bekor qilingan. Shuningdek, chet elliklarni ishga joylashtirish bildirishnomalari soni ko‘paygan.

Shu bilan birga, 2025-yil 1-sentabrdan Moskva va Moskva viloyatida xorijiy fuqarolarni hisobga olishning yangi tajriba tartibi joriy etilgan. Endi O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston, Qozog‘iston, Gruziya, Ozarbayjon, Moldova va Ukrainadan ish uchun kelayotgan migrantlar maxsus «Amina» mobil ilovasini o‘rnatishi shart bo‘ladi.

Shuningdek