Amerikaning Oppenheimer kompaniyasi Andijonda 1,2 mlrd dollarlik uchta loyihani moliyalashtiradi

Amerikaning Oppenheimer kompaniyasi Andijon viloyatida umumiy qiymati $1,2 milliard bo‘lgan uchta yirik loyihani moliyalashtirishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda viloyat hokimi ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasi orqali xabar berdi.
Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Vashington shahrida Oppenheimer kompaniyasi boshqaruv direktori Jon Tonelli bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda hududda amalga oshiriladigan loyihalar muhokama qilindi.
Loyihalar qatorida qiymati $180 millionga teng bo‘lgan to‘qimachilik sanoat zonasi bor. Bu hududda tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy korxonalar qurilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, qiymati $20 million bo‘lgan sun’iy dam olish ko‘li qurilib, Xonobod shahri mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun jozibador markazga aylantiriladi. Eng yirik tashabbus — «Yangi Andijon» shaharsozlik loyihasi bo‘lib, uning qiymati $1 milliardni tashkil etadi.




Uchrashuv yakunida Oppenheimer ushbu loyihalarni moliyalashtirish jarayonida ishtirok etishga tayyor ekanini bildirgan.
Bundan avval Andijonda $40 million sarmoya hisobiga innovatsion klinika barpo etilishi belgilangandi. Shuningdek, Italiyadan 20 million yevro ($23,2 mln) jalb etilib agrokorxona, Germaniyadan 25 million yevroga ($29 mln) zamonaviy agrologistika majmuasi tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Xonobod shahri, Xo‘jaobod va Buloqboshi tumanlarida 30 dan ortiq turistik tashabbuslar ilgari surilgan.
Umumiy hisobda qiymati $1,1 milliardlik qo‘shimcha loyihalar shakllantirilgan bo‘lib, ularning natijasida viloyatda 22 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, $200 millionlik qo‘shimcha eksport imkoniyati yuzaga keladi.
Bundan tashqari, Malayziya kompaniyasi hozirda Andijon viloyatidagi O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegarasi yaqinida quruqlik porti qurish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.