Angrenda yirik yo‘l-transport hodisasida 7 kishi halok bo‘ldi – video

eʼlon qilindi
YTH
Yana 5 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan
Foto: Videodan olindi

7-sentabr kuni soat 12:20 atrofida Toshkent viloyatining Angren shahridan o‘tuvchi A-373 Toshkent – O‘sh xalqaro avtomobil yo‘lining 93-kilometrida og‘ir yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Natijada 7 kishi voqea joyida olamdan o‘tdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 1981-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi 2020-yilda ishlab chiqarilgan Shacman rusumli sement tashuvchi yuk avtomobili haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida temiryo‘l kesishmasida to‘xtab turgan ikki yuk mashinasi va beshta yengil avtomobil bilan to‘qnashdi.

Video: Ijtimoiy tarmoqlar

To‘qnashuv vaqtida yong‘in chiqqan bo‘lsa-da, voqea joyiga tezkorlik bilan yetib kelgan maxsus xizmatlar tomonidan o‘t tezda o‘chirildi.

Video: Ijtimoiy tarmoqlar

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 7 kishi voqea joyida halok bo‘lgan, yana 5 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, 4 nafar jabrlanuvchiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan va ular uylariga qaytarilgan.

Video: Ijtimoiy tarmoqlar

Hodisa yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari Achilboy Ramatov rahbarligida maxsus hukumat komissiyasi tuzilib, voqea sabablari va oqibatlari to‘liq o‘rganilmoqda. Shu bilan birga, jabrlanganlarga va ularning oilalariga yordam ko‘rsatish ishlari boshlangan.

Avvalroq «Kursiv» nashri Rossiyada yoʻl-transport hodisasi tufayli uch nafar Oʻzbekiston fuqarosi vafot etgani haqida yozgandi.

Shuningdek