AQShdan 39 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilindi

7-sentabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari qonuniy qolish huquqiga ega bo‘lmagan 39 nafar o‘zbekistonlikni deportatsiya qildi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar qildi.
Mazkur parvoz AQShning noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashish va davlat chegaralarini mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan keng qamrovli choralari doirasida amalga oshirildi.
Mamlakat rasmiylari ma’lum qilishicha, mamlakatga noqonuniy kirgan shaxslar jazoga tortilib, so‘ngra deportatsiya qilinadi. Bu jarayonda O‘zbekiston hukumati bilan yaqin hamkorlik qilinayotgani ta’kidlandi.
Qo‘shma shtatlar hukumati O‘zbekiston tomoni ko‘rsatayotgan hamkorlik uchun minnatdorlik bildirgan va bu hamkorlik kelgusida ham davom etishini qayd etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh sudi Tramp ma’muriyatiga 60 mingdan ortiq muhojirlarni deportatsiya qilish uchun ruxsat bergani haqida yozgandi.