Centrum Air aviakompaniyasi o‘n ikkinchi samolyotini xarid qildi

eʼlon qilindi
Uchinchi keng fyuzelyajli Airbus A330-300 samolyoti
Foto: Amir Hikmat Atadjanov

6-sentabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida Centrum Air aviakompaniyasi o‘zining uchinchi keng fyuzelyajli Airbus A330-300 samolyotini qabul qildi. Bu haqda aviakompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Ushbu havo kemasi 2010-yilda Fransiyaning Tuluz shahrida ishlab chiqarilgan bo‘lib, avval Tailandning Thai Airways aviakompaniyasida parvoz qilgan. Keyinchalik u irlandiyalik Aergo Capital lizing kompaniyasi tomonidan boshqarilgan.

Yangi layner 358 nafar yo‘lovchi uchun mo‘ljallangan salon bilan jihozlangan. Unda zamonaviy yoritish tizimi, ergonomik o‘rindiqlar va uzoq masofali parvozlar uchun qulayliklar mavjud. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, samolyot asosan Seul, Guanchjou, Bangkok, Istanbul, Jidda va Madina yo‘nalishlarida qatnov qiladi.

Centrum Air joriy yilning iyul oyida ikkinchi Airbus A330 samolyotini parki tarkibiga qo‘shgan edi. Hozirda aviakompaniya parkida 12 ta samolyot mavjud: 6 ta Airbus A320, 3 ta A321 va 3 ta A330-300. Flotning o‘rtacha yoshi 12 yilni tashkil etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Centrum Air aviakompaniyasi Airbus A321neo samolyotini xarid qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek