
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) taklifiga binoan FIFA prezidenti Janni Infantino tunda Toshkentga yetib keldi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.

U safar davomida Oʻzbekistonda futbolni yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni muhokama qiladi, Milliy futbol markazi faoliyati bilan yaqindan tanishadi hamda CAFA Nations Cup 2025 musobaqasining final uchrashuvini stadiondan kuzatadi.

FIFA delegatsiyasini Toshkent xalqaro aeroportida Oʻzbekiston sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo olimpiya kengashi vitse-prezidenti va MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov, shuningdek, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.


Ma’lumot uchun, bugun 8-sentabr kuni Olimpiya stadionida O‘zbekiston va Eron o‘rtasida CAFA Nations Cup 2025 musobaqasining final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Janni Infantino Oʻzbekistonga tashrif buyurishi haqida yozgandi.