Gonkongda kuchli bo‘ron: maktablar va ko‘plab korxonalar yopildi

Kuchli tropik bo‘ron Tapah Gonkong hududiga 170 kmgacha yaqinlashishi sababli dushanba kuni shaharda maktablar yopildi, ko‘plab biznes va transport faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Gonkong Observatoriyasi To‘fon 8 signalini kamida mahalliy vaqt bilan soat 11:00 gacha (03:00 GMT) amal qilishini ma’lum qildi.
Avtobuslar va tramvaylar harakati to‘xtatildi: shahar metro tizimi esa interval bilan ishlayapti. Ayrim parvozlar qatnovi bekor qilindi. Lantau orolidagi xalqaro aeroport yaqinida tongda davomiy shamol tezligi soatiga 101 km, maksimal shamol zarbasi esa 151 km/soatgacha yetgani qayd etildi. Shuningdek, soat 04:55 da eng past darajadagi «amber» yomg‘ir signali e’lon qilindi.
Bo‘ron Xitoyning janubiy Guandun provinsiyasidagi Taishan hududida mahalliy vaqt bilan soat 08:50 da quruqlikka chiqqan. Dushanba tongidagi dastlabki hisobotlarda jiddiy talafotlar yoki ko‘lamli suv toshqinlari va ko‘chkilar haqida xabarlar kelmagan, shahar ko‘chalari nisbatan osoyishta bo‘ldi.
Rasmiylar aholini xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishga chaqirmoqda. Holat va havo prognozlari doimiy ravishda kuzatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda uchinchi kuchli zilzila oqibatida kamida 2205 kishi halok bo‘lgan edi.