O‘zbekiston Qozog‘istonga 900 mln kVt/soat elektr energiyasini eksport qiladi

O‘zbekiston 2026-yilning martidan dekabriga qadar Qozog‘istonga qariyb 900 million kVt/soat elektr energiyasi yetkazib beradi. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
7-sentabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lpon-Ota shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika hamda suv xo‘jaligi vazirlari uchrashib, mintaqada suv-energetika muvozanatini ta’minlash masalalarini muhokama qildi. Muloqot yakunida bir qator protokollar imzolandi.
Asosiy kelishuvga ko‘ra, Qirg‘iziston To‘qtag‘ul suv omboridan suv chiqarishni majburiyat sifatida zimmasiga oldi. Buning evaziga O‘zbekiston va Qozog‘iston tomoni elektr energiyasi yetkazib berishni kafolatladi.
Shuningdek, ikki tomonlama muzokaralar davomida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida alohida bayonnoma imzolandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning eksport qiladigan elektr energiyasi Qozog‘iston janubiy hududlarida ta’mirlash ishlari sabab yuzaga keladigan taqchilliklarni qoplashga xizmat qiladi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston Afg‘onistonda elektr uzatish liniyalari va podstansiyalar qurishda yordam berishi haqida yozgandi.