O‘zbekistonda “Kelajak” markazlari tashkil etiladi

eʼlon qilindi
Maktablarda o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun maslahatchi lavozimi ham joriy etiladi
Prezident ta’lim tizimi islohotlariga oid yangi tashabbuslarni ma’qulladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev ta’lim tizimini yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mamlakatimizda barcha ta’lim bo‘g‘inlarini modernizatsiya qilish, o‘quv dasturlarini ilg‘or tajribalar asosida yangilash, yoshlarning qiziqish va iqtidorlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan rejalar muhokama qilindi.

Shu doirada bolalar bog‘chasidan oliy ta’limgacha yagona milliy g‘oya konsepsiyasi ishlab chiqildi. U yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va ularni ortiqcha tadbirlarga jalb etmaslikka xizmat qiladi. Shuningdek, «Kelajak» markazlari tashkil etilishi va maktablarda o‘quvchilar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun maslahatchi lavozimi joriy etilishi rejalashtirilgan.

So‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetgani ta’kidlanib, bu ko‘rsatkichni oshirish uchun yangi bog‘chalar qurilishi, xususiy sektorni jalb qilish, «Yangi avlod» ta’lim tashkilotlari va innovatsion markazlar barpo etilishi belgilandi.

Shu bilan birga, muhandislik va texnika yo‘nalishidagi ixtisoslashtirilgan maktablar ochilishi, STEM modeli asosida 5 yillik dastur joriy etilishi hamda «Ilg‘or muhandislik maktabi» milliy tanlovi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Toshkentda yangi texnika oliygohlari ochilishi ham rejalashtirilmoqda.

Pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi ta’sis etildi. Ilmiy kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirilib, Fanlar akademiyasining ilmiy faoliyatdagi roli kuchaytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Adliya tizimida davlat xizmatlari yanada soddalashtirilgani haqida yozgan edik.

Shuningdek