Prezident FIFA rahbarini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi

eʼlon qilindi
O‘zbek futbolini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun
Prezident FIFA rahbarini «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev FIFA prezidenti Janni Infantinoni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Suhbat avvalida FIFA rahbari O‘zbekiston xalqini va davlat rahbarini milliy terma jamoaning 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatining final bosqichiga yo‘llanma olgani bilan tabrikladi. Bu yutuq mamlakatda sportni rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlarning natijasi sifatida e’tirof etildi.

Uchrashuvda futbolni boshqarish tizimini takomillashtirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, murabbiylar va hakamlarni xalqaro darajada tayyorlash kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, futbolni yoshlar o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Foto: President.uz

FIFA texnik ko‘magida Milliy futbol markazi hamda raqamli futbol situatsion markazi tashkil etildi. O‘tgan yili futzal bo‘yicha jahon chempionatining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va O‘zbekistonda FIFAning yirik musobaqalari hamda tadbirlarini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. Toshkentda FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish yuzasidan ham kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida Mirziyoyev Janni Infantinoni o‘zbek futbolini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor Panini stiker albomidan joy olishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek