Qirg‘izistondan «Regapen» dori vositasini olib kirgan shaxslar ushlandi

Namangan va Farg‘ona viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy olib kirish va tarqatishga uringan fuqarolar faoliyati fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Namangan shahrida yashovchi, ilgari sudlangan shaxs Qirg‘iziston Respublikasi hududidan katta miqdordagi «Regapen» dorilarini olib kirib, sotish orqali daromad topishni rejalashtirgan. U Qirg‘iziston fuqarosi bilan kelishgan holda 16 755 dona dori vositasini yashirin yo‘llar orqali Kosonsoy tumaniga yetkazdirgan. Tezkor tadbir davomida dorilarni olish uchun borgan vositachi hamda buyurtmachi qo‘lga olindi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida ham o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qo‘qon shahrida yashovchi shaxs boshqaruvidagi «Tracker-2» rusumli avtomashinada 11 200 dona «Regapen» dori vositasi topildi. Tekshiruv davomida ushbu dorilar ham Qirg‘iziston hududidan noqonuniy ravishda olib kirilgani aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi va gumondorlarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXXga ishga kiritishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olingan edi.