Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidentini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston rahbari Emomali Rahmonni mamlakatning milliy bayrami Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Bu haqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Tabrik maktubida davlat rahbari Tojikiston mustaqillikka erishgach, prezident Emomali Rahmon boshchiligida amalga oshirilgan chuqur siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidladi.
«Birodar xalq sifatida biz Tojikistonning tezkor rivojlanishi, xalqaro miqyosdagi yutuqlari va ortib borayotgan obro‘sidan chin dildan xursandmiz. Ishonchim komilki, ikki xalq o‘rtasidagi asriy do‘stlik rishtalari bundan buyon ham mustahkamlanadi, strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalari esa izchil rivojlanadi», – deyiladi tabrikda.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Emomali Rahmonga sog‘liq, oilaviy farovonlik va davlat faoliyatida muvaffaqiyatlar tilagan. Tojikiston xalqiga esa tinchlik, ravnaq va barqaror taraqqiyot yor bo‘lishini istagan.
Ma’lumot uchun, Tojikiston 1991-yil 9-sentabr kuni mustaqillikka erishgan va bu yil mamlakat ozodligining 34 yilligi nishonlanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidenti Donald Tramp telefon orqali muloqot qilgani haqida yozgandi.