Shomurodov va Fayzullayev klubi bosh murabbiy bilan xayrlashdi

eʼlon qilindi
Murabbiy bilan shartnoma oʻzaro kelishuv asosida bekor qilingan
Foto: YeniBirlik

Istanbulning «Bashakshehir» klubi bosh murabbiyi Chagʻdash Atan lavozimini tark etdi. Klub matbuot xizmati xabariga koʻra, murabbiy bilan shartnoma oʻzaro kelishuv asosida bekor qilingan.

Rasmiy bayonotda Atanning ikki mavsum davomida koʻrsatgan fidoyiligi va professionalligi eʼtirof etilib, u jamoani ketma-ket ikki bor Yevrokuboklarga olib chiqqani uchun minnatdorlik bildirildi. Klub rahbariyati unga keyingi faoliyatida muvaffaqiyat tilagan.

Turkiya nashrlarining yozishicha, «Bashakshehir» yangi bosh murabbiy sifatida Nuri Shahin nomzodini koʻrib chiqmoqda. «Borussiya Dortmund»ning sobiq ustozi boʻlgan 36 yoshli Shahin hozirda Istanbulda boʻlib, klub rahbariyati bilan muzokara oʻtkazmoqda.

Maʼlumot uchun, Atan «Bashakshehir»ni boshqargan vaqtida 47 ta gʻalaba, 22 ta durang va 29 ta magʻlubiyat qayd etdi. Jamoa bu mavsumda Yevropa Konferensiya ligasi saralashidan oʻta olmadi va Turkiya Superligasidagi dastlabki ikki oʻyinda durang natijaga erishdi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning iyul oyida oʻzbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov Italiya «Roma» klubidan «Bashakshehir»ga oʻtdi. Shuningdek, iyul oxirida yarimhimoyachi Abbosbek Fayzullayev Moskvaning «SSKA» klubidan Istanbul jamoasiga qoʻshildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan klub Yevropa Konferensiyalar ligasi saralashining soʻnggi bosqichida Ruminiyaning «Universitatya Krayova» jamoasiga magʻlub boʻlib, musobaqani tark etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek