SpaceX EchoStar’dan $17 milliardlik spektr sotib oldi

Ilon Mask rahbarlik qilayotgan SpaceX kompaniyasi Starlink sun’iy yo‘ldosh tarmog‘ini kengaytirish maqsadida EchoStar kompaniyasidan simsiz aloqa spektri litsenziyalarini $17 mlrdga sotib oldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Kelishuvga ko‘ra, EchoStar’ning Boost Mobile abonentlari Starlink’ning to‘g‘ridan to‘g‘ri mobil xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa aloqa qamrovi yetmagan hududlarga xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.
SpaceX vakillari yangi avlod sun’iy yo‘ldoshlari orqali mobil tarmoq sig‘imini 100 martadan ortiq kengaytirishni rejalashtirayotganini bildirdi.
Bitim natijasida EchoStar aksiyalari 19% ga ko‘tarildi, biroq AT&T, T-Mobile va Verizon aksiyalari pasaydi. Shuningdek, SpaceX EchoStar qarzlari bo‘yicha 2 mlrd dollarlik foiz to‘lovlarini 2027-yilgacha qoplashni ham o‘z zimmasiga oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tesla direktorlar kengashi kompaniya rahbari Ilon Mask uchun yangi yirik maosh paketini taqdim etgan edi.