Yangiliklar

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kengashi tarkibida korporativ etika bo‘yicha komissiya tuziladi

Komissiya yuridik shaxslarga korporativ etika bo‘yicha tavsiyalar berib boradi
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kengashi tarkibida korporativ etika bo‘yicha komissiya tuziladi. Foto: ijtimoiy tarmoq

2025-yil 1-noyabrdan prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi tarkibida Korporativ etika bo‘yicha komissiya tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Komissiya yuridik shaxslarga korporativ etika bo‘yicha tavsiyalar berib boradi hamda nizolarni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatadi.

Shuningdek, korporativ munosabatlarni tartibga solish mexanizmlari soddalashtiriladi. Endi mas’uliyati cheklangan jamiyat ishtirokchilari tarkibiga kirish yoki undan chiqish fakti tegishli harakat yoki hodisa sodir bo‘lgan paytdan boshlab kuchga kiradi. Masalan, sud qarori kuchga kirganda, elektron savdo orqali ulush sotilganda yoki notarial tartibda hujjatlar rasmiylashtirilganda ushbu o‘zgarish darhol amal qiladi. Jamiyat bunday holatlarda boshqa ishtirokchilarni 30 kun ichida xabardor qilishi shart.

Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga qo‘yish tizimida yangi imkoniyatlar joriy etiladi. Ularga jamiyatlarda imtiyozli huquqdan foydalanish yoki rad etishni elektron shaklda amalga oshirish hamda tizimni «Notarius» axborot tizimi bilan integratsiya qilish kiradi.

Bundan avval Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonga sug‘urtachilar uchun qonunchilikni yaxshilashni tavsiya qilgandi. Ko‘p hollarda sug‘urtalovchilar uchun maxsus qoidalar mavjud emas, aksincha, aksiyadorlik jamiyatlari (AJ) qoidalari qo‘llaniladi, deya qayd etgan jamg‘arma.

Agar respublikada korporativ boshqaruv bo‘yicha sug‘urta qoidalari qabul qilinsa, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish respublika sug‘urta bozorini mustahkamlaydi. XVJ O‘zbekistonda depozitlarni boshqarish tizimini Xalqaro depozitlarni sug‘urtalovchilar assotsiatsiyasi (IADI) tamoyillariga muvofiqlashtirishni tavsiya qiladi.