Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasi rekonstruksiyadan so‘ng nimalar o‘zgaradi

Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasida rekonstruksiya yakuniga yetgach, jamoat transporti qatnovi qayta tashkil etiladi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, rekonstruksiya yakuniga yetgach quyidagilar amalga oshirilishi kutilmoqda:
- 10 ta yo‘lakdan 6 tasi avtomobillar, 2 tasi avtobuslarga qolgan 2 tasi to‘xtash joylari uchun ajratiladi;
- 11 ta avtobus bekati va 500 ga yaqin to‘xtash joyi tashkil qilinadi;
- velosiped yo‘laklari hamda 21 ta piyoda va velosiped o‘tish joyi barpo etiladi;
- avtobus qatnovi 40 foizga, yo‘lovchilar oqimi esa ikki barobarga oshadi;
- qatnov vaqti 25 daqiqadan 18 daqiqaga qisqaradi, tezlik 18,5 km/soatdan 23,6 km/soatgacha ko‘tariladi;
- avtobuslar harakati oraliq intervali 7 daqiqagacha kamayadi.
Rekonstruksiya yakunlangach, yangi yo‘nalishlar va bekatlar haqida qo‘shimcha ma’lumot rasmiy kanallar orqali e’lon qilinadi.
Shota Rustaveli ko‘chasidagi ta’mirlash ishlari haqida
Dastlab, 2024-yilning yanvar oyida shaharshunos Iskandar Soliyev poytaxtning Shota Rustaveli ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tajriba loyihasining konseptual dizaynini namoyish qilgandi. Oʻzgartirishlarga koʻra, Grand Mir mehmonxonasidagi aylanma yoʻlni olib tashlash va uning oʻrniga X shaklidagi koʻchalar chorrahasini tashkil qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu ko‘cha rekonstruksiyasiga $198 million sarflanishi haqida xabarlar tarqalgandi. Toshkent shahar hokimligi ushbu ma’lumotlar bo‘yicha munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, $198 million – bu faqat Shota Rustaveli ko‘chasi emas, balki poytaxtning 200 kilometrga yaqin yo‘l infratuzilmasini bosqichma-bosqich rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun ajratilgan dastlabki umumiy hisob-kitob. Loyihaning yakuniy narxi bajarilgan real ishlar asosida shakllantiriladi.
Shu bilan birga, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida $300 million miqdorida investitsiya jalb qilinganini tasdiqlagan. Bu mablag‘lar yo‘l qurilishi, Shota Rustaveli ko‘chasini to‘liq rekonstruksiya qilish hamda to‘rtta yerusti va yerosti yo‘l o‘tkazgichlarini qurishga yo‘naltiriladi.
Sentabr boshida ko‘chaning Oybek metro bekatidan Birodarlik qabrlari yodgorligigacha bo‘lgan qismda asfalt-beton qoplamaning birinchi qatlami to‘liq yotqizilgandi.
Transport vositalari harakati 10-sentabrgacha birinchi qatlam bo‘ylab tiklanishi kutilmoqda.