
Tugayotgan kun ham dolzarb yangiliklarga boy bo‘ldi. Kursiv Uzbekistan nashri tomonidan 8-sentabr kuni sodir bo‘lgan muhim hodisalar dayjesti taqdim etiladi.
Qirg‘izistondan «Regapen» dori vositasini olib kirgan shaxslar ushlandi

Namangan va Farg‘ona viloyatlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy olib kirish va tarqatishga uringan fuqarolar faoliyati fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Namangan shahrida yashovchi, ilgari sudlangan shaxs Qirg‘iziston Respublikasi hududidan katta miqdordagi «Regapen» dorilarini olib kirib, sotish orqali daromad topishni rejalashtirgan. U Qirg‘iziston fuqarosi bilan kelishgan holda 16 755 dona dori vositasini yashirin yo‘llar orqali Kosonsoy tumaniga yetkazdirgan. Tezkor tadbir davomida dorilarni olish uchun borgan vositachi hamda buyurtmachi qo‘lga olindi.
FIFA prezidenti Janni Infantino Toshkentga yetib keldi

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) taklifiga binoan FIFA prezidenti Janni Infantino tunda Toshkentga yetib keldi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.
U safar davomida Oʻzbekistonda futbolni yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni muhokama qiladi, Milliy futbol markazi faoliyati bilan yaqindan tanishadi hamda CAFA Nations Cup 2025 musobaqasining final uchrashuvini stadiondan kuzatadi.
O‘zbekistonliklar Oy tutilishiga guvoh bo‘ldi

7-sentabrdan 8-sentabrga o‘tar kechasi O‘zbekiston aholisi to‘liq Oy tutilishini (qonli Oy) kuzatishga muvaffaq bo‘ldi. Kursiv Uzbekistan ushbu astronomik hodisaning ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan suratlarini jamladi.
Tutilishning umumiy davomiyligi besh soatdan oshdi. To‘liq faza Toshkent vaqti bilan soat 22:30 da boshlangan va 23:52 da yakunlangan.
Beruniy metrosidagi talabalarning «megaprobka»siga izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenida katta tirbandlik kuzatilayotgani haqidagi video tarqaldi. Biroq «Toshkent metropoliteni» DUK bu ma’lumotni rad etdi.
«Video tasvirdagi vaziyat Toshkent metro bekatlarining bugungi kundagi holati emas. Ushbu holat o‘tgan 2024-yilning 16-sentabr sanasida yo‘nalishda yuzaga kelgan qisqa nosozlik sabab yuzaga kelgan va bu xususida zudlik bilan ma’lumot taqdim etilgan edi. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda metro bekatlarida bunday holat kuzatilmagan», deyiladi izohda.
Yil boshidan buyon 1,3 mln nafar o‘zbekistonlik Rossiyaga ishlash uchun borgan

2025-yil boshidan buyon Rossiyaga boshqa davlatlarga nisbatan eng ko‘p O‘zbekiston fuqarolari tashrif buyurdi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil davomida Rossiya hududiga 1,8 milliondan ortiq o‘zbekistonlik kirgan. Ulardan 1,3 millioni mehnat faoliyati uchun, qariyb 291 ming nafari (16 foiz) shaxsiy tashrif, 1,5 foizi esa o‘qish maqsadida borgan.
Xojikent — Toshkent yo‘nalishi poyezdi jadvaliga o‘zgarish kiritildi

2025-yil 9-sentabrdan boshlab texnik sabablarga ko‘ra, 6442-sonli Xojikent — Toshkent janubiy yo‘nalishidagi poyezd jadvaliga o‘zgarish kiritildi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» matbuot xizmati xabar berdi.
Endi poyezd Xojikent bekatidan Toshkent markaziy bekatigacha amaldagi jadval asosida harakatlanadi. Shundan so‘ng Toshkent janubiy bekatiga soat 07:45 da yetib keladi.
Centrum Air aviakompaniyasi o‘n ikkinchi samolyotini xarid qildi

6-sentabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida Centrum Air aviakompaniyasi o‘zining uchinchi keng fyuzelyajli Airbus A330-300 samolyotini qabul qildi. Bu haqda aviakompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Ushbu havo kemasi 2010-yilda Fransiyaning Tuluz shahrida ishlab chiqarilgan bo‘lib, avval Tailandning Thai Airways aviakompaniyasida parvoz qilgan. Keyinchalik u irlandiyalik Aergo Capital lizing kompaniyasi tomonidan boshqarilgan.
O‘zbekiston pasporti Henley reytingida 72-o‘ringa ko‘tarildi

Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi ma’lumotlari asosida tuzilgan Henley Passport Index’ning 2025-yilgi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston pasporti 72-pog‘onada qayd etildi. Bu haqda Henley Global saytida ma’lum qilindi.
Iyul oyidagi ushbu reyting ko‘rsatkichida O‘zbekiston olti pog‘ona yuqorilab, 74-o‘rinni qayd etgandi. Bu o‘rin o‘zbekistonlik fuqarolarga 62 davlatga vizasiz kirish huquqini beradi.
Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidentini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston rahbari Emomali Rahmonni mamlakatning milliy bayrami Mustaqillik kuni bilan tabrikladi. Bu haqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Tabrik maktubida davlat rahbari Tojikiston mustaqillikka erishgach, prezident Emomali Rahmon boshchiligida amalga oshirilgan chuqur siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar hamda erishilgan yutuqlarni alohida ta’kidladi.
Toshkent shahrida eng ko‘p avariya Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan

Yanvar – avgust oylarida Toshkent shahrida 4 350 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgani ma’lum qilindi. Statistik ma’lumotlar Open Data Toshkent portalida e’lon qilingan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga (5 ming 8 ta) nisbatan 13 foizga kamaygan.
«Yangi O‘zbekiston» bog‘i vaqtincha yopiladi

«Yangi O‘zbekiston» bog‘i bugun, 8-sentabr kuni vaqtincha yopiladi. Bu haqda bog‘ ma’muriyati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, soat 15:00 dan 20:30 gacha tashrif buyuruvchilar hududga kira olmaydi.
9-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

9-sentabr kuni uchun dollar kursi 12 439,41 so‘m (-81,37 so‘m) etib belgilandi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 50,53 so‘mga tushib, 14 583,96 so‘mni, rubl esa 1,83 so‘mga tushib, 151,87 so‘mni tashkil qildi.
AQSh vizasini olish qoidalari yanada murakkablashdi

AQSh hukumati chet elliklarga noimmigratsion vizalar, jumladan, B1/B2 biznes/turistik vizalarini berish qoidalarini kuchaytirdi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti yangi tartibni e’lon qildi.
Ilgari esa bu turdagi arizalar istalgan davlatdagi elchixonalar orqali qabul qilinardi. 6-sentabrgacha suhbatga yozilganlar uchun eski shartlar amal qilishi davom etadi.
Shuningdek, 8-sentabr kuni Kursiv Uzbekistan nashrida bir nechta maqola va fotoreportaj e’lon qilindi.
Yangilangan Chevrolet Cobalt haqida o‘zbekistonliklar qanday fikrda

O‘zbekistonda eng ommabop avtomobillardan biri bo‘lgan Chevrolet Cobalt 2025 yangi ko‘rinishda taqdim etildi. Modelning tashqi ko‘rinishidan tortib ichki qismlarigacha bir qator yangilanishlar kiritildi. Shuningdek, Chevrolet Uzbekistan tomonidan e’lon qilingan post ostida yuzdan ziyod yurtdoshlarimiz o‘z fikrlarini bildirdi. Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt haqidagi fikrlar va izohlarni bitta metrial yangilik va izohlarni jamladi.
Arxitektura va hissiyot — Buxoro Biennalesi manzarasi

Buxoroning tarixiy maskanlarida, qadimiy karvonsaroy va madrasalar orasida bu yilgi Buxoro Biennalesi o‘zining ilk sahifalarini ochmoqda. «Recipes for Broken Hearts» nomli biennale shunchaki san’at namoyishi emas – u bizni hissiyotlar, davolanish va birgalikdagi mif orqali bog‘laydi. Bu formatda Biennale tomoshabinlarni faqat qarshiga emas, balki ichkarisiga ham taklif qiladi — unda nafaqat san’at ko‘riladi, balki his etiladi, ishtirok etiladi, uyg‘unlashiladi. Kursiv Uzbekistan ushbu afsonaviy festivaldan fotoreportaj tayyorladi.
Avvalroq haftaning eng muhim voqea-hodisalari haqida yozgan edik.