
2025/2026-o‘quv yilidan boshlab pedagogika yo‘nalishida tahsil olayotgan oxirgi ikki kurs talabalari uchun Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi. Bu haqda «O‘zA» xabar berdi.
Ushbu stipendiya a’lo baholarga ega va ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan talabalar uchun mo‘ljallangan.
Stipendiya miqdori 1,5 mln so‘mni tashkil etadi. Bu oddiy stipendiyadan 840 ming so‘mga ko‘proq.
Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan stipendiya oluvchilar uchun to‘lovlar 2025-yil 1-avgustdan boshlab 10 foizga oshirildi. Bazaviy hisoblash miqdori esa 412 ming so‘m sifatida belgilandi.
Bundan tashqari, xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinda turuvchi oliygohlarga kirgan nomzodlar uchun maxsus imtiyozlar mavjud:
- TOP – 100 talikda bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga to‘liq grant asosida qabul qilingan talabalar «El-yurt umidi» stipendiyasini tanlovsiz qo‘lga kiritadi;
- TOP – 300 talikka kiruvchi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan nomzodlarga xalqaro transport va turar joy xarajatlari uchun stipendiyalar tanlovsiz ajratiladi;
- TOP – 20 talikdagi oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat dasturlariga kamida 50% qamrovli grant asosida o‘qishga qabul qilingan prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchilari ham tanlovsiz «El-yurt umidi» stipendiyasi bilan ta’minlanadi.