Avtomobillarga eko-stiker berish muddati 2035-yil yakuniga qadar uzaytirildi

O‘zbekistonda avtomobillarga ekologik stiker berish jarayoni 2035-yilgacha yakunlanishi belgilandi. Bu haqda hukumat qarorida keltirilgan.
Avvalgi rejaga binoan, Toshkentda tizim 2027-yilda to‘liq joriy etilishi kerak edi. Endilikda poytaxtdagi barcha avtomobillarni baholash 2028-yil boshigacha cho‘zildi. Stikerlar haydovchilarga 2026-yil yanvaridan berila boshlaydi.
Keyingi bosqichda 2028 – 2030-yillarda Nukus va viloyatlar markazlari hamda ekologik zonalarda baholash ishlari yo‘lga qo‘yiladi. 2031 – 2034-yillar oralig‘ida tizim butun mamlakat bo‘ylab kengaytiriladi. 2035-yil yakunigacha barcha avtomobillar ekologik baholashdan o‘tkazilishi yakunlanadi.
Avtomobillarga «yashil», «sariq» yoki «qizil» stiker berilishi chiqindilarning zararli darajasiga qarab belgilanadi. Bunda ishlab chiqaruvchi ko‘rsatgan ekologik sinf (Yevro) ma’lumotlari asosiy mezon bo‘ladi. Zarur hujjatlar bo‘lmaganida, tekshiruvni Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Innovatsion loyihalar va aholiga xizmat ko‘rsatish markazi amalga oshiradi.
Shu tariqa O‘zbekistondagi barcha avtomobillarni ekologik baholash jarayonini yakunlash uchun hukumat yana to‘rt yil qo‘shimcha muddat belgiladi. Mutaxassislarning fikricha, bu qaror texnik tayyorgarlik va infratuzilmani moslashtirish zaruratidan kelib chiqqan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-oktabrdan chiroyli avtoraqamlar savdosi to‘xtatilishi haqida yozgandi.