Barcha qishloq xo‘jaligi yerlari to‘liq ijara huquqiga o‘tkaziladi

Shavkat Mirziyoyev 9-sentabr kuni qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
So‘nggi besh yil davomida mamlakatimizda yer hisobini yuritish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Natijada 45 mln gektarga yaqin yer maydonidan 42 mln gektari (94 foizi) davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 26 mln gektardan ortiq yerlarning esa 88,4 foizi ro‘yxatga olindi.
Taqdimotda hokimliklar tasarrufiga qaytarilgan bo‘sh yerlarni alohida hisobga olish va ularni qisqa muddatda auksionga chiqarish zarurligi qayd etildi. Buning uchun inson omilisiz ishlaydigan yangi tizim joriy etilishi topshirildi.
Shuningdek, yer ijarasini bozor aktiviga aylantirish bo‘yicha islohotlar davom ettirilmoqda. Endilikda ijaraga berilgan yerlarni qisman qayta ijaraga berishga ruxsat etiladi. Oldin bunday holatda yer davlatga qaytarilib, yangidan auksionga chiqarilishi kerak edi.
2021-yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yerlari faqat ijara huquqi asosida ajratilmoqda. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvargacha barcha qishloq xo‘jaligi yerlari to‘liq ijara huquqiga o‘tkazilishi lozim.
Qishloq xo‘jaligi yerlarida xizmat ko‘rsatish obyektlari – muzlatkichli omborxonalar, saralash va qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponlari, texnika parklarini qurishga ruxsat beriladi. Buning uchun yer tuzish loyihasi ishlab chiqilib, tasdiqlanadi va u huquqni tasdiqlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport uchun 1300 gektardan ortiq yer ajratilishi haqida yozgan edik.