Yangiliklar

Chinorkentga boruvchi tezyurar elektropoyezd narxi oshiriladi

Kattalar uchun 30 ming so‘m, bolalar uchun esa 16,5 ming so‘m
Chinorkent
Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Shu yilning 25-sentabridan boshlab Toshkent — Chinorkent — Toshkent yo‘nalishida qatnovchi shaharlararo ekspress elektr poyezdlar uchun yangi chipta narxlari joriy qilindi. Bu haqda «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ xabar berdi.

Endilikda kattalar uchun yo‘l haqi 30 ming so‘m, bolalar uchun esa 16,5 ming so‘mni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun, 25-sentabrgacha yo‘l haqi kattalarga 20 ming so‘m, bolalarga 11,5 ming so‘mni tashkil etadi.

Avtobuslar qatnovi

Bundan tashqari, Chinorkent va Chorvoq dam olish maskaniga borish uchun 1-iyuldan avtobus qatnovi ham yo‘lga qo‘yilgan. Yo‘nalishda MAN RR3 rusumli zamonaviy, konditsionerlik va 47 o‘rinli turistik avtobuslar xizmat ko‘rsatadi. Bir tomonlama yo‘lkira narxi 25 ming so‘m etib belgilangan.

Harakatlar har kuni ertalab soat 6:00 da «Mashinasozlar» metrosidan boshlanadi. Qatnovlar har 1,5 soatda amalga oshiriladi. Oxirgi avtobus Chorbog‘dan soat 20:30 da yo‘lga chiqadi. So‘nggi manzil esa soat 22:00 da Mashinasozlar metrosi bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdan Issiq-ko‘lga avtobus qatnovlari boshlangani haqida yozgandi.

Avtobus har kuni soat 15:00 da Toshkent avtovokzalidan yo‘lga chiqadi. Yo‘lovchilar 300 ming so‘m evaziga Cho‘lpon-otagacha yetib borishlari mumkin.

Chipta xaridi uchun avtoticket.uz sayti hamda ATTO va UzBus mobil ilovalaridan foydalanish mumkin.

Poyezdlarning harakat jadvalidagi o‘zgarishlar

Bugun, 9-sentabrdan boshlab texnik sabablarga ko‘ra, 6442-sonli Xojikent — Toshkent janubiy yo‘nalishidagi poyezd jadvaliga o‘zgarish kiritildi.

Endi poyezd Xojikent bekatidan Toshkent markaziy bekatigacha amaldagi jadval asosida harakatlanadi. Shundan so‘ng Toshkent janubiy bekatiga soat 07:45 da yetib keladi.

Hozirgi vaqtda 6442-sonli elektropoyezd Xojikentdan 05:20 da chiqib, Toshkent janubiy bekatiga soat 07:53 da yetib keladi.

Shuningdek, bugundan boshlab «Afrosiyob» tez yurar poyezdlari harakati jadvaliga ham o‘zgartirishlar kiritiladi.