Yangiliklar

Davlat budjeti 2025-yilning birinchi yarmida 144 trln so‘mni tashkil etdi

2024-yilning shu davriga nisbatan 19,2 foizga (23 trln so‘mga) oshgan
pul
Davlat budjeti 2025-yilning birinchi yarmida 144 trln so‘mni tashkil etdi. Foto: parl.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida 2025-yil birinchi yarim yillik bo‘yicha Davlat budjeti ijrosi muhokama qilindi.

Hisobotni Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov taqdim etdi.

Unga ko‘ra, budjet daromadlari 144,2 trln so‘mni tashkil etib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 19,2 foizga (23 trln so‘mga) oshgan. Davlat budjeti daromadlari tarkibida qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34,4 foizga, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 17,5 foizga ko‘paydi.

Shuningdek, hisobot davrida soliq to‘lovchilarga 12 trln so‘m yoki QQS bo‘yicha jami undirilgan mablag‘ning 1/4 qismi qaytarib berildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi (09.09.2025)

Xarajatlar esa 173,3 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 foizga (23 trln so‘mga) ko‘paygan. Ijtimoiy sohalarga ajratilgan mablag‘lar hajmi ham ortib, birinchi yarim yillikda 86,2 trln so‘m yo‘naltirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12,1 trln so‘mga ko‘p bo‘lib, jami xarajatlarning qariyb yarmiga teng. Ijtimoiy xarajatlarning 49 foizi ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan.

Bundan tashqari, magistratura bosqichidagi yetti mingga yaqin xotin-qizlarning 47,5 mlrd so‘mlik kontrakt to‘lovlari budjetdan qoplab berilgan.

Shuningdek, «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida «og‘ir» toifaga kiritilgan 205 ta mahallada 326 mlrd so‘mlik 247 loyiha amalga oshirildi. Ular orasida ichki yo‘llarni, maktab va tibbiyot muassasalarini ta’mirlash hamda jihozlash ishlari bor.

Bundan avval Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistonning davlat qarzi 2025-yilning ikkinchi choragida $785 millionga oshib, $43,38 milliardga yetganini ma’lum qilgandi.

Unga ko‘ra, yil boshidan buyon qarz hajmi $3,16 milliardga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa $6,13 milliardga ko‘paygan. Natijada davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga (YIM) nisbatan ulushi aprel – iyun oylarida 33,6 foizdan 34,2 foizgacha ko‘tarildi.