Georgiy Paresishvili «Toshkent» fond birjasini tark etdi

eʼlon qilindi
Vaqtinchalik rahbar etib Fayzulla Tashov tayinlandi
Georgiy Paresishvili «Toshkent» Respublika fond birjasini tark etdi / Foto: «Toshkent» RFB

2025-yil 8-sentabr kuni «Toshkent» Respublika fond birjasi Georgiy Otarovich Paresishvili mehnat shartnomasi muddati tugagani bois boshqaruv raisi lavozimini tark etdi. Bu haqda fond birja matbuot xizmati ma’lum qildi.

U 2022-yildan buyon birjaga rahbarlik qilib, uch yil davomida savdo hajmi va moliyaviy ko‘rsatkichlarning o‘sishiga, texnologik infratuzilmaning modernizatsiyasiga va xalqaro hamkorlikning kengayishiga sezilarli hissa qo‘shdi.

Kuzatuv kengashi qaroriga ko‘ra, boshqaruv raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib Fayzulla Muratovich Tashov tayinlandi. U avval «O‘zsanoatqurilishbank» hamda Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Foto: Markaziy depozitariy

«Georgiy Otarovichga bozorni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiraman va kelajakda uning qo‘llab-quvvatlashi hamda maslahatlariga umid qilaman. «Toshkent» fond birjasi o‘z faoliyati va bozorni rivojlantirishda katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi va biz bu jarayonda faol ishtirok etishni davom ettirish uchun barcha kuch-g‘ayratimizni safarbar qilamiz», dedi Tashov tashrif nutqida.

Yangi tayinlov munosabati bilan birja binosida aksiyadorlar, Kuzatuv kengashi a’zolari va bozor ishtirokchilari yig‘ilib, Georgiy Paresishviliga minnatdorlik bildirib, Fayzulla Tashovni kutib oldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Poytaxt bank»ka yangi rahbar tayinlangani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek