
Joriy yilda bog‘cha o‘rinlarini qo‘shimcha 182 mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Shundan 82 ming o‘rin yangi quriladigan bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda prezident ishtirokidagi ta’lim tizimiga oid videoselektorda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda ayrim tuman hokimlari yetarli choralar ko‘rmagani tanqid qilingan. Masalan, 118 ta bog‘chadagi 255 ta xona ta’mir talab bo‘lgani uchun bo‘sh turibdi. Ayrim hududlarda 8 ta bog‘chani qurish va ta’mirlash ishlari 2-3 yildan beri cho‘zilmoqda.
Xususan, Chimboy, G‘allaorol, Qiziriq, Boysun tumanlaridagi bittadan bog‘cha hali ta’mirdan chiqmagan. Dehqonobod, Sariosiyo, Bo‘stonliq va Nurobod tumanlarida esa bittadan yangi bog‘cha qurilishi yakunlanmagan.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, 118 ta bog‘chadagi xonalarni ta’mirlab jihozlash, shuningdek, 8 ta bog‘chani to‘liq ishga tushirish uchun 1-noyabrgacha muddat belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonda 12 yillik ta’lim tizimi joriy etilishi haqida yozgan edi.